Barqarorlik boshqaruvi

Talabalar kengashi

Boshqaruv sahifasiga qaytish

TALABALAR KENGASHI

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Qarshi davlat universitetida ham boshlang‘ich tashkiloti mavjud bo‘lib, Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining 2023-yil 29-apreldagi 6-son Qo‘shma qaroriga asosan universitetda Yoshlar Kengashi faoliyat yuritadi. Yoshlar Kengashining a’zolari 6 ta yo‘nalish va 12 ta fakultet koordinatorlaridan iborat bo‘lib ularning maqsad va vazifalari quydagicha:

  • Boshlang‘ich tashkilotning asosiy maqsadi oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan talaba-yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning ma’naviy-mafkuraviy dunyoqarashini mustahkamlash, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faolligini oshirishdan iboratdir. Shuningdek, talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning tashabbus va g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish tashkilot faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
  • Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni targ‘ib qilish orqali yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish va ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ham tashkilot faoliyatining ajralmas qismi hisoblanadi.
  • Boshlang‘ich tashkilot o‘z oldiga qator muhim vazifalarni qo‘yadi. Avvalo, oliy ta’lim muassasasida talaba-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar yuzasidan takliflar ishlab chiqadi. Yoshlar o‘rtasida tibbiy madaniyatni oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, kasalliklarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi. Shu bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj, yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba-yoshlarning ijtimoiy-huquqiy himoyasini ta’minlashda faol ishtirok etadi. Huquqbuzarlikdan jabrlangan yoki bunday holatlarga moyil bo‘lgan yoshlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va jamiyatga moslashtirish bo‘yicha ishlar ham tashkilot e’tiborida bo‘ladi.
  • Tashkilot talaba-yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning ongiga milliy istiqlol g‘oyasi, milliy qadriyatlar, diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va oilaviy qadriyatlarni singdirishga alohida ahamiyat qaratadi. Shu bilan birga, yoshlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan huquq va burchlarini anglab yetishlariga ko‘maklashadi hamda mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntiradi.
  • Talaba-yoshlarning murojaatlari va muammolarini o‘rganish, ularni hal etishda amaliy yordam ko‘rsatish ham tashkilot faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Bundan tashqari, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, chet tillarini o‘rganishi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta egallashi va kasb-hunarga yo‘naltirilishiga qaratilgan tadbirlar muntazam amalga oshiriladi.
  • Iste’dodli yoshlarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli tanlovlar, intellektual o‘yinlar, ijodiy loyihalar hamda klub va to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, talaba-yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni oshirish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
  • Tashkilot yoshlar ongida “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi zararli illatlarga, turli axborot xurujlariga, diniy aqidaparastlik, missionerlik va ekstremistik g‘oyalarga qarshi mustahkam mafkuraviy immunitetni shakllantirishga xizmat qiladi.
  • Bundan tashqari, yoshlar turizmini rivojlantirish, ularni o‘z hududidagi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar, muzeylar, teatrlar hamda mustaqillik yillarida barpo etilgan zamonaviy inshootlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida turli sayohatlar tashkil etiladi.
  • Talaba-yoshlar, ayniqsa xotin-qizlar o‘rtasida sportni keng targ‘ib qilish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash hamda turli sport musobaqalarida ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish ham muhim vazifalardan biri hisoblanadi.