Tadbir

“Jaholatga qarshi ma’rifat”

“Jaholatga qarshi ma’rifat”
2024-yil 4-oktyabr kuni “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Xorijiy tillar hamda Matematika va kompyuter ilmlari fakulteti talabalari, shuningdek, Yoshlar bilan ishlash bo‘limi tyutorlari faol ishtirok etdilar. Mazkur tadbir yoshlar o‘rtasida bilimga intilish, tanqidiy fikrlashni rivojlantirish hamda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarning ahamiyatini yanada chuqur anglashga xizmat qilgan muhim muloqot maydoni bo‘ldi. Davra suhbatida Falsafa va sotsiologiya kafedrasi o‘qituvchisi R. Boymatov, shuningdek, dekan o‘rinbosarlari A. Jo‘rayev va H. Murodov tomonidan mazmunli ma’ruzalar taqdim etildi. Ma’ruzalar davomida inson ma’naviyatiga tahdid soluvchi omillar, globallashuv jarayonida milliy o‘zlikni asrab-avaylash muammolari hamda yoshlar kamoloti va ularning jamiyatdagi o‘rni kabi dolzarb masalalar atroflicha tahlil qilindi. Ta’kidlanganidek, globallashuv sharoitida milliy qadriyatlar va ma’naviy barkamollikni saqlash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jaholatni yengishning asosiy yo‘li esa — ma’rifat, bilim va uzluksiz o‘z ustida ishlashdir. Shuningdek, ma’naviyat va ma’rifatning rivojlanishi jamiyatda iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy barqarorlik hamda siyosiy mustahkamlikni ta’minlashda muhim omil ekani alohida qayd etildi. Ma’naviy jihatdan yetuk va bilimli yoshlar har qanday jamiyat taraqqiyotining asosiy tayanchi hisoblanadi. Davra suhbati yakunida ishtirokchilar o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar hamda bilim, ma’rifat va faol fuqarolik pozitsiyasi orqali jamiyat rivojiga hissa qo‘shish bo‘yicha umumiy kelishuvga keldilar.