2025-yil 18-aprel kuni Kasbi tumanida Tibbiyot fakulteti professor-o‘qituvchilari tomonidan aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi tibbiy-amaliy tashabbus amalga oshirildi.
Tadbir doirasida hududdagi oilaviy poliklinikada bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, aholiga umumiy sog‘liq tekshiruvlari, jumladan qon bosimi va qondagi glyukoza miqdorini aniqlash ishlari olib borildi. Fuqarolarga sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va kasalliklarning oldini olish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Xususan, ayollar uchun alohida maslahatlar o‘tkazilib, reproduktiv salomatlik, to‘g‘ri ovqatlanish va profilaktik parvarish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mahalliy tibbiyot xodimlari bilan hamkorlikda yoshi katta va harakatlanishi cheklangan fuqarolar holidan xabar olindi. Ularning sog‘ligi nazoratdan o‘tkazilib, zarur tavsiyalar berildi.
Aniqlangan kasallik holatlari bo‘yicha bemorlarga tuman tibbiyot muassasalarida qo‘shimcha davolanish uchun yo‘llanmalar berildi. O‘rganishlar natijasida kelgusida profilaktik tadbirlar ko‘lamini kengaytirish va tor mutaxassislarni jalb qilish rejalashtirildi.