Tadbir

Jamiyatda inklyuziv ta’lim sari

Jamiyatda inklyuziv ta’lim sari
Qarshi davlat universiteti Pedagogika fakulteti tomonidan 2024-yil noyabr oyida, talabalarning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan ijtimoiy yo‘naltirilgan ta’lim dasturi doirasida maxsus tashrif tashkil etildi. Mazkur tashabbus inklyuziv ta’lim, ijtimoiy mas’uliyat va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Dastur doirasida Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi Umida O‘ngboeva boshchiligida psixologiya yo‘nalishi talabalari Qarshi shahridagi kar va zaif eshitadigan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 17-sonli maktab-internatiga tashrif buyurdilar. Ushbu tashrif talabalarga maxsus ehtiyojli bolalar bilan ishlash, ularning psixologik xususiyatlarini anglash hamda inklyuziv yondashuvlarni amaliyotda qo‘llash imkonini berdi. Tashrif davomida talabalar bolalar bilan interaktiv muloqotlar o‘tkazib, ularga esdalik sovg‘alari ulashdilar. Shuningdek, tarbiyalanuvchilar tomonidan tayyorlangan musiqali sahna chiqishlari talabalarda empatiya, kommunikativ ko‘nikmalar va ijtimoiy sezgirlikni yanada rivojlantirishga xizmat qildi. Mazkur ta’limiy tashabbus universitetning o‘quv dasturlarida amaliyotga yo‘naltirilgan yondashuvni kuchaytirish, talabalarni kelajak kasbiy faoliyatiga puxta tayyorlash hamda jamiyatning turli qatlamlari bilan samarali ishlash kompetensiyalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.